Qarshi davlat universitetida oliy taʼlim tashkilotlarining bitiruvchi talabalari uchun “TalabaEXPO – 2025” kasb koʻrgazmasi oʻtkazildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, “Oʻzmilliybank” AJ, Savdo-sanoat palatasi, Qashqadaryo viloyati hokimligi hamda “Kelajakka qadam” markazi hamkorligida tashkil etilgan ushbu tadbir talaba-yoshlar va ish beruvchilarni bir maydonda jamladi.

Tadbir avvalida viloyat hokimi Murotjon Azimovning faol talaba-yoshlar bilan uchrashuvi boʻlib oʻtdi.
Unda 2025/2026-oʻquv yilida viloyat hokimi stipendiyasi sohibi boʻlgan iqtidorli yoshlarga guvohnomalar hamda biznes loyihalari moliyalashtirishga qabul qilingan bitiruvchilarga vaucherlar topshirildi.
Eʼtiborli jihati, viloyat hokimi stipendiyasi sohibalari safida Qarshi davlat texnika universiteti talabalari – Saida Abdinazarova, Feruza Qurbonova va Nilufar Samadova ham bor.

Tadbir davomida talabalarga mavjud boʻsh ish oʻrinlari va tadbirkorlik imkoniyatlari taqdim etildi. Tadbirkorlar tomonidan ish oʻrinlari yarmarkasi tashkil etilib, “Kelajakka qadam” dasturi doirasidagi kredit mahsulotlari haqida maʼlumotlar berildi hamda istiqbolli biznes loyihalar qabul qilindi.

“Oʻzmilliybank” AJ tomonidan bank xizmatlari va mahsulotlari taqdimoti oʻtkazildi. Shuningdek, taniqli tadbirkorlar ishtirokida motivatsion treninglar boʻlib oʻtdi.
Tadbir doirasida bir guruh talabalar “Sulton Tex Group” xususiy korxonasida boʻlib, ip yigiruv va yogʻ qadoqlash jarayonlari bilan yaqindan tanishdilar.
Yarmarkada 3 748 ming nafar ishtirokchi ish beruvchilar bilan suhbatdan oʻtdi. 1 274 nafar talaba oʻzining kelajak ish joyini tanladi. 49 nafar ishtirokchi esa oʻz biznes loyihalarini taqdim etdi.

Koʻrgazmada “Talaba – kelajak” muloqot maydonchalari, yuzma-yuz suhbatlar, bandlik va ijtimoiy himoya xizmatlari, imtiyozli kreditlar boʻyicha maslahatlar hamda sport musobaqalari tashkil etildi.