CAKKIZU OʻN UCH (hajviya)

CAKKIZU OʻN UCH (hajviya)

CAKKIZU OʻN UCH (hajviya)

    Shanba kuni olti oydan beri xabar olinmayotgan dala hovlimizga boradigan boʻldik. Oʻgʻlim boʻynidan bogʻlagandek ortimdan ergashdi. Besh yashar nevaram Bahrombek esa uchishga qanot topolmay qoldi. Osh-ovqatdan tortib to tok qaychi-yu, supurgigacha olivoldik. Kiyimlarimiz ham allambalo — egnimda sportchilar kiyimi. Boshimda kepka, qora koʻzoynak. Soʻloqmonday oʻgʻil qizil kalta ishton-shortigini kiyib olgan.

    — Ustidan biror narsa ilib ol, — dedim.

    — Nima qipti, men tengilar shunday kiyinishadi, — dedi chirsillabgina.

    — Ularning tanbeh beradigan otasi boʻlmasa kerak-da, — dedim iddao bilan.

    — Otalari bor. Ular ham kepka kiyadiganlardan, — dedi u.

    Oʻgʻlim uyda qolish uchun tixirlik qilayotgandi. Hozir “Yoʻqol, koʻzimga koʻrinma”, desam-ku, joni kiradi. Unday demadim. Hap, senimi? Shoshmay tur! Bir yer choptiray, bir yer choptiray, ana shunda koʻrasan gap qaytarish qanaqaligini.
    Image

    Yoʻldamiz. Mashina radiosidan kuy-qoʻshiq yangrab turibdi. Bahrombekning laqabi Toʻtiqush. U odatiga koʻra, “doda”, “doda”lab holi-jonimga qoʻymaydi. Toʻtiqushning otasi — oʻgʻlim Rustamboy rejasi buzilgani uchun qovogʻini osiltirib olgan. Choyxonada oʻtirishi bor ekan. Dala hovliga borishimizni eshitib, ertalabdan chiroyi ochilmayotgani shundan. Nabiram eca chuldiragani-chuldiragan:

    — Doda, doda, menga yoʻlda nima olib berasiz?

    — Jim oʻtir, ruldaman. Xalaqit qilyapsan.

    — Doda, doda, ana ona echki, — dedi u bir payt yelkamdan turtib, dalada oʻtlab yurgan bir necha echkini koʻrsatib, — uloqchalari qani, boʻri yeb qoʻyganmi?

    — Yoʻq, bolajonim, bu yerda boʻri yoʻq. Dodasining gapiga quloq solmagani uchun sotib yuborishgan boʻlsa kerak.

    — Toʻtiqush, jim oʻtir, — dedi otasi oʻshqirib.

    Bola biroz tinchidi.

    — Doda, doda, — dedi yana Toʻtiqush, — menga boʻrini koʻrsating, xoʻp deng, xafa boʻlaman boʻlmasa…

    — Xoʻp, xoʻp, uchrab qolsa koʻrsataman, — deyishimni bilaman yashil yoʻlchiroq lipillab qolsa boʻladimi! Bir, ikki — sariq. Oʻtdim — ketdim…

    — Churr! — avotonazoratchining hushtagi eshitildi.

    — Mana senga boʻri, — dedi oʻgʻlim nabiramni jerkib. — Kamida bir yarim millionga tushdingiz, ota, — dedi u yoʻl hujjatlarimni olayotganimda.

    — Qanaqa bir yarim million?!

    — Mana koʻrasiz-da?!

    — Katta serjant Otabekov, — dedi avtonazoratchi yoniga borishim bilan rasmiy ohangda oʻzini tanishtirib, — hujjatlaringiz?!

    — Marhamat! — hujjatlarimni uzatdim.

    — Qilgan aybingizni bilasizmi?

    — Ayb ish qilmadim. 8.13, — dedim xotirjam.

    — Qanaqa 8.13? Qizil chiroqda oʻtdingiz.

    — Sizga shunday koʻringandir ancha berida ekansiz…

    — Menga oʻrgatayapsizmi?

    — Yoʻq, sizga oʻrgatib boʻlarmidi…

    — Kesatmang.

    U hujjatlarimni olib qoʻydi-da, qalam- qogʻozini olib yozishga tayyorgarlik koʻra boshladi. Oʻgʻlimning bir yarim million, degani esimga tushib jon holatda qoʻliga yopishdim.

    — Ukajon, yozmang, men qizilda oʻtganim yoʻq. 8.13. Ana oʻgʻlimdan soʻrang.

    — Mashina ichidagi odam guvohlikka oʻtmaydi. Siz qizilda oʻtdingiz.

    — Yoʻq, sariq chiroqda oʻtdim. Axir, tormoz berganimda ham… Uka, otingiz nima?

    — Siz uchun avtonazorat xodimiman. Hozirgina aytdim, katta serjant Otabekovman.

    — Bundan ham katta boʻling, bolam, meni yalintirmang. Axir, men yoʻlchiroqdan oʻtayotganimda sariq yongan edi. Siz qaraguningizcha qizil boʻlib qolgandir-da.

    — Men ham qizil, deyapman-ku!

    — Men sariqda oʻtganimni isbotlash uchun nima qilishim kerak?

    — Isbot qilolmaysiz, isbot qilolmaysiz! — dedi u masxaraomuz qiyqanglab.

   — Isbot qilsam-chi? Aniq 8.13-moddaga muvofiq ish tutdim. Birdan tormoz bera olmasdim. Orqa oʻrindiqda jonimdan ham aziz nevaram bor edi. Shunday qilganimda u zarbdan oldingi oʻrindiqqa kelib urilardi, yo boʻlmasa… Falokat roʻy berishini koʻra-bila turib, bunday qilolmasdim. Hammasini oʻyladim. Shuning uchun tormoz bermadim.

    — Meni qiziqtirmaydi. Qizilda oʻtdingiz.

    Shu payt Toʻtiqush mashina oynasidan boshini chiqarib qichqirdi:

    — Doda, boʻrini koʻrsating, xafa boʻlaman boʻlmasa…
    Image

    Oʻzim boʻrining ogʻzidagi qoʻzichoq ahvoliga tushib turganim uchun, jon achchigʻida: “Mana boʻri!”, deb yonimdagi serjantni koʻrsatib yuboray-yuboray, dedim-u, tiyildim. Axir, unda nima gunoh. Xizmatini bajarayapti…

    — Jim boʻla-a! — dedim haliyam xodimning bilagini qoʻyvormay.

    Zardali ovozimni eshitib, oʻgʻlim mashinadan tushib yonimizga keldi. U nimadir demoqchi boʻlgandi yoʻl qoʻymadim.

    — Aralashma, oʻzimiz hal qilamiz, — dedim uni nariroq ket, degandek koʻkragidan itarib, soʻng: — Ishonmasangiz ana oʻgʻlimdan soʻrang, — dedim xijolatomuz.

    — Yoʻq, sizlar kelishib olgansizlar. Oʻgʻlingiz guvohlikka oʻtmaydi. Men hozir anavilardan birini chaqiraman guvoh boʻladi, tamom, — dedi u dalada ketmon koʻtarib yurgan uch-toʻrtta odam tomonga ishora qilib.

    — Ular qanday guvoh boʻla oladi, dalada-ku, axir? — dedim tutaqayotgan boʻlsam ham oʻzimni bosib.

    — Men aytsam, imzo qoʻyishaveradi.

    — Bilaman, toʻxtang, yozmang ukajon, pul beraman.

    — Pora taklif qildi, deb yozaman.

    — Iltimos, yozma, men aybdor emasman, — dedim sansirashga oʻtib, — aytdimku, axir, 8.13 deb.

    — Yoʻq, qizil, tamom, qizil! Men aniq koʻrdim.

    — Rulda menmidim, senmiding?

    — Siz edingiz!

    — Men boʻlsam, gapimga ishon-da, axir. Sariqda oʻtdim, deb boʻynimga olib turibman-ku!

    — Men qizilda oʻtganingizni koʻrdim.

    — Ukajon, koʻzing faqat qizilni koʻrsa, men nima qilay?

    — Ukajon, demang, katta serjant Otabekovman. Xizmatdaman. Vazifamni bajarayapman.

    — Katta serjant Otabekov, men ham yozuvchiman, ammo men ilhom kelganida yozaman. Hech kimni xit qilmay yozaman. Oʻqigan odam mazza qilsin, deb yozaman. Siz yozsangiz osmon uzilib yerga tushadi, bilasizmi shuni?! Unday qilmang, ukajon, hech narsadan hech narsa yoʻq, bir yarim million soʻm jarima toʻlaymanmi? Oʻylasam, kapalagim uchib ketyapti. Opangiz tiriklayin yeydi-ya! Bir yarim million-a?! Roʻzgʻorning uch oylik xarajati! Qaydan olaman shuncha pulni?!

    — Kim aytdi sizga bir yarim million, deb? Men sizga jarima solayotganim yoʻq-ku!

    — Nima qilyapsan boʻlmasa?!

    — Men bor-yoʻgʻi sizning nomingizga “Qizil chiroqda oʻtib ketdi”, deb protokol yozaman, xolos! Jarimani esa sud belgilaydi. Mening aybim yoʻq.

    — Shuni aytaman-da, katta serjant Otabekov! Sen oppoqqinasan, bor-yoʻgʻi protokol yozasan. Suddagilar bu voqeaning ustida boʻlmagan. Jarimani belgilaydi. Tamom, men chuv tushib qolaveraman.

    — Bir marta hech narsa qilmaydi, keyingi safar koʻzingizga qarab yurasiz.

    — Hozir ham koʻzimga qarab yurdim, uka!

    — Uka, demang!

    — Kechirasiz, Kattabekov!

    — Kattabekov emasman, Otabekovman!

    — Kechirasiz, katta serjant Otabekov! Endi shuytib, oʻtiraveramizmi?!

    — Qoʻlimni qoʻyvoring, boʻlmasa protokol yozishimga xalaqit berdi, deb yozaman.

    Qoʻrqqanimdan uning qoʻlini qoʻyib yubordim. Endi astoydil yalinishga tushdim:

    — Jon bolam, baraka topkur, seni ham ota-onang bordir, umrlari uzoq boʻlsin, huzuringni koʻrsin, axir, sariqda oʻtdim, ishonsang-chi!

    — Xoʻp, bunday qilamiz, — dedi u nihoyat, biroz oʻylanib turgach boshidagi shapkasini yechib, qayta kiyar ekan. — Menga 8.13da nima deb yozilganini yoddan aytib berasiz. Agar bitta soʻz qoldirsangiz ham qoidani bilmaydi, deb protokol yozaman.

    — Rahmat-yey, bolam, — deb yubordim uning yumshaganini koʻrib, — eshit boʻlmasa? — Xuddi muallimi yonida imtihon topshirayotgan oʻquvchidek tantanali ohangda, “Sariq ishora yonganida yoki tartibga soluvchining qoʻli yuqoriga koʻtarilganida, Qoidalarning 2.12 bandida koʻzda tutilgan joylarda keskin tormoz bermasdan toʻxtashga ulgura olmaydigan transport vositalarining haydovchilariga harakatni davom ettirishga ruxsat etiladi”, — dedim.

    — Yashang, bu boshqa gap. — dedi u barmoqlari kalta, lappak kaftini choʻzarkan. Yoʻl qoidasini bilarkansiz-u, jarimaning miqdorini bilmas ekansiz-da. U siz aytganday bir yarim million emas, atigi ikki yuz ellik ming soʻm, otaxon, mana hujjatingiz.

    Image

    — Senga ham qoyil, oʻgʻlim, — dedim-da, soatga qaradim. Miyam gʻuvillar, aftidan qon bosimim koʻtarilib ketgandi. Mashina yoniga borgach, oʻgʻlimga:

    — Rulga oʻtir, uyga qaytamiz, — dedim.

    Uning chehrasi yorishib ketdi…

Oʻktam Mirzayor