Viloyat musiqali drama teatrida Oʻqituvchilar va murabbiylar kuni munosabati bilan “Qalb bogʻining bogʻbonisiz, Ustozlar!” deb nomlangan bayram tadbiri boʻlib oʻtdi. Ushbu tadbirda professor-oʻqituvchilar va talaba-yoshlar ishtirok etdilar.

Universitet xodimlari va talabalari kasaba uyushmasi qoʻmitasi bilan hamkorlikda oʻtkazilgan bayram tadbiri avvalida universitet rektori Sherzod Neʼmatov barchaga bayram tabrigini yoʻlladi, samimiy tilaklarini izhor qildi. Joriy yildagi ayrim yutuqlarni alohida eʼtirof etdi.

Albatta, bu yilgi bayram katta muvaffaqiyatlar va muhim voqealarga hamohang boʻlmoqda. Xabaringiz bor, yosh olimlarimiz Inomjon Hotamov, Gʻanisher Rahimov va Sevara Mirzayorova “Kelajak muhandislari” respublika koʻrik-tanlovida zafar quchdilar.
Universitetimiz professorlari Sattor Aliqulov va Aliqul Rahmonqulov “Mehnat faxriysi” koʻkrak nishoni bilan taqdirlandilar.

“Koreya xalqaro ixtirochi ayollar koʻrgazmasi” xalqaro tanlovida universitetimiz olimalari – Shahlo Ulasheva oltin va Oftoboyim Qurbonova kumush medallariga sazovor boʻlishdi.

Universitetimiz oʻqituvchilaridan Bahodir Saxatov Uzbekistan GTL korxonasi tomonidan tashkil etilgan “Eng fidoyi ustoz” tanlovi gʻolibligini qoʻlga kiritdi. Jonibek Hayitov esa “Yuksak kasbiy mahorat sohibi” eʼtirofiga sazovor boʻldi.

Bugun Prezidentimizning farmoniga koʻra, “Kompyuter tizimlarining dasturiy va texnikaviy taʼminoti” kafedrasi professori Zoir Uzoqov “Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirlandi.

Bayram tadbiri quvonchli onlarga boy boʻldi. Bir guruh faol oʻqituvchilarga faxriy yorliqlar va sovgʻalar tortiq qilindi. 10 nafar professor-oʻqituvchi “Oliy taʼlim aʼlochisi” koʻkrak nishonlari bilan taqdirlandilar. “Ijtimoiy va gumanitar fanlar” kafedrasining bir guruh oʻqituvchilari esa “Fidoyi vatanparvar” esdalik nishoni bilan mukofotlandilar.

Shuningdek, voleybol va mini futbol boʻyicha oʻtkazilgan “Rektor kubogi” musobaqasi gʻolib va sovrindorlariga ham sovgʻalar ulashildi.

Tadbir viloyat musiqali drama teatri jamoasi tomonidan tayyorlangan teatrlashtirilgan tomoshalar va konsert dasturi bilan davom etdi.

Bayram tadbiri barchaga xushnudlik baxsh ayladi.