Bugun Neft-gaz va geologiya fakulteti bitiruvchi talabalarining bandligini taʼminlash maqsadida "Karyera kunlari" mehnat yarmarkasi boʻlib oʻtdi.

Dastlab fakultet foyesida ish beruvchi tashkilot-korxonlarning taqdimotlari namoyish etildi. Talabalar bilan muloqotlar oʻtkazildi. Shuningdek, yosh olimlar va iqtidorli yoshlarning ilmiy tadqiqot ishlari natijalari koʻrgazmasi tashkil qilindi.

Talabalar bilan yuzma-yuz muloqot chogʻida rektor Sherzod Neʼmatov, Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi Qashqadaryo viloyati hududiy boshqarmasi ishga joylashtirish boʻlimi boshligʻi Shohabbos Doniyorov, Navoiy kon-metallurgiya kombinati kadrlar boʻyicha bosh mutaxassisi Erkin Kazakov, “Dehqonobod kaliy zavodi” AJ kadrlar boʻlimi yetakchi muhandisi Elyor Hasanov, Shoʻrtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi bosh texnolog boʻlimi yetakchi muhandis-texnologi Dilnavoz Qorayeva mamlakatimizda bitiruvchilar bandligini taʼminlash borasidagi xayrli ishlarning ahamiyati haqida soʻz yuritdilar.

Kadrlar zaxirasini malakali mutaxassislar bilan toʻldirish muhim ahamiyatga ega ekanligi alohida taʼkidlandi. Bu borada universitetning ishlab chiqarish korxonalari bilan hamkorligini yana mustahkamlash yuzasidan fikrlar bildirildi. Shuningdek, “Kelajakka qadam” dasturining afzalliklari talabalarga tushuntirildi.

Tadbir davomida ish beruvchilarning bitiruvchi bosqich talabalari bilan muloqotlari tashkil etildi.