YOSHLIK – KATTA IMKONIYAT, ISHONCH VA MASʼULIYAT

YOSHLIK – KATTA IMKONIYAT, ISHONCH VA MASʼULIYAT

YOSHLIK – KATTA IMKONIYAT, ISHONCH VA MASʼULIYAT

    Yangilanishlar, oʻzgarishlar, taraqqiyot borgan sari bizni oldinga intilishga, boshqalardan ortda qolmaslikka, rivojlanishlar oqimi bilan hamqadam boʻlishga undaydi. Xoʻsh, buning uchun nima qilmoq lozim? Ertasi bugunidan yaxshi boʻlishini istagan davlat, birinchi navbatda, asosiy eʼtiborni yoshlar tarbiyasi, kamoloti va istiqboliga qaratadi. Yoshlar masalasi va ularning tarbiyasi bilan bogʻliq muammolar asrlar davomida faylasuflarni, muallimlarni, millat fidoyilarini oʻylantirgan. Shu bois bu mavzu shu kunga qadar dolzarbligini yoʻqotmay kelyapti.

Qudratli kuch

    Mustaqil Oʻzbekistonda yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ularning yangi kuch sifatida shakllanishi yoʻlidagi islohotlar davlat siyosati darajasiga koʻtarildi. Bu borada qonunlar va boshqa koʻplab meʼyoriy-huquqiy hujjatlar qabul qilindi. Yangi vazifalar, maqsadlar belgilandi. Birgina misol, 2016-yilning 14-sentyabrida Oʻzbekiston Respublikasining “Yoshlarga oid davlat siyosati toʻgʻrisida”gi Qonuni qabul qilindi. Ochiqlik va shaffoflik, yoshlarga oid davlat siyosatini roʻyobga chiqarishda yoshlarning ishtirok etishi, yoshlar tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish, maʼnaviy, axloqiy va madaniy qadriyatlarning ustuvorligi hamda yoshlarning kamsitilishiga yoʻl qoʻyilmasligi mazkur qonunning asosiy prinsiplari etib belgilandi.

    Oʻzbekiston Respublikasining tegishli qonuniga koʻra, mamlakatimizda 30-iyun – “Yoshlar kuni” deb eʼlon qilindi. Bu sananing oʻzi ham yoshlarga boʻlgan eʼtiborning oʻziga xos ifodasidir. Turli sohalarda yuksak natija va yutuqlarga erishayotgan fidoyi yoshlarimizni ragʻbatlantirib borish maqsadida “Mard oʻgʻlon” davlat mukofoti va “Kelajak bunyodkori” medali taʼsis etildi. Bundan tashqari, yoshlarni madaniyat, sanʼat, jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish, ularning axborot texnologiyalari boʻyicha savodxonligini oshirish, yoshlar oʻrtasida kitobxonlikni targʻib qilish, xotin-qizlar bandligini taʼminlash vazifalarini oʻz ichiga olgan beshta muhim tashabbus amalga oshirilmoqda.

    Mamlakatimizda yoshlar siyosati borasidagi ishlarni tahlil qilsangiz, bu borada otalarcha gʻamxoʻrlik, ustozlarcha masʼuliyat tamoyillari ustuvorligini anglashimiz mumkin. Ayniqsa, oʻtgan qisqa vaqt mobaynida yoshlarning boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, ishsiz yoshlarning bandligini taʼminlash mamlakat iqtisodiy-ijtimoiy siyosatining eng asosiy va strategik yoʻnalishlaridan biriga aylandi. Birinchi       galda, yoshlarning oʻqib, taʼlim olishlari, mamlakat ijtimoiy hayotida muhim oʻrin egallashlari, hayotda oʻzining munosib oʻrniga ega boʻlishlari, kasb-hunar sirlarini ham puxta egallashlari uchun ularni davlat siyosati darajasida qoʻllab-quvvatlash choralari koʻrildi. Masalan, biror-bir faoliyat uchun diplomi yoʻq, ammo ishlab chiqarish yoki maʼlum bir kasb boʻyicha amaliy koʻnikmaga ega boʻlgan ishsiz yoshlarni malakani baholash markazlarida oʻqitish va zaruriy sertifikatlar bilan taʼminlash tizimi joriy etildi.

    Davlat rahbarining shaxsiy tashabbusi bilan “Yoshlar daftari” tashkil qilinib, unga mamlakatimizning barcha hududlaridagi ishsiz, shuningdek, ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlar kiritildi. Qayd etmogʻimiz lozimki, “Yoshlar daftari” bu – ijtimoiy, iqtisodiy, huquqiy, psixologik qoʻllab-quvvatlashga, bilim va kasb oʻrganishga ehtiyoji va ishtiyoqi boʻlgan, ishsiz yoshlarning muammolarini aniqlash, bartaraf etish va nazoratini olib borish boʻyicha maʼlumotlar bazasidir. U Oʻzbekiston ijtimoiy siyosatining eng muhim omiliga aylanib ulgurdi va bugungi kunda bu boradagi muammolarning yechimini taʼminlab bermoqda.

    Prezidentimizning asosiy eʼtibori, gʻamxoʻrligi ostida bugungi yoshlar alohida qudratli kuch sifatida shakllandi. Bugun ular jamiyatning barcha jabhalarida oʻz oʻrnini topmoqda. Ishonchni oqlamoqda. Bunday deyishimizga sabab yoshlarga koʻrsatilayotgan, ularning orzulari, shaʼni va qadr-qimmatini, munosib kelajagini taʼminlashga qaratilgan oqilona siyosatning asosini yoshlarga boʻlgan yuksak ishonch tashkil etadi. Bu, oʻz navbatida, yoshlarning zimmasiga ulkan masʼuliyat yuklaydi.

    Shavkat Mirziyoyevning jasorati shundaki, davlatimiz rahbari muhim davlat lavozimlariga juda koʻplab yoshlarni tavsiya qildi, ularni masʼuliyatli ishlarga tayinladi. Butunlay yangicha konseptual asoslarga ega boʻlgan siyosat olib bordi. Bu ishonch, albatta, oʻz samarasini bermoqda. Soʻnggi yetti yilda boshqaruv kadrlari tarkibida 40 yoshgacha boʻlgan rahbarlar ulushi 37 foizdan 65 foizga oshdi.

Mamlakat xazinasi

    Prezident Shavkat Mirziyoyev yoshlar masalalariga bagʻishlangan anjuman va tadbirlarda “Yoshlar – bizning bebaho boyligimiz, oltin fondimiz” degan iborani koʻp bor tilga oladi. Kim uchun davlatning qudrati tabiiy va moddiy boyliklari, harbiy qurol-aslahalari, valyuta zaxiralari boʻlishi mumkin. Lekin, ishoning, maʼnaviyati yuksak, bilimli avlodi boʻlmagan mamlakatning kelajagi boʻlmaydi. Oʻsha qudrat timsollarini boshqaradigan, bor yoki yoʻq qiladigan ham yoshlar.

    Davlatimiz     rahbari yaqinda 30-iyun – Yoshlar kuni munosabati bilan oʻtkazilgan uchrashuvda yoshlarni Yangi Oʻzbekiston bunyodkorlari sifatida yangi tarix yaratadigan oltin avlodsiz, deya eʼtirof etdi. Oʻz navbatida, imkoniyatlar koʻlamini yanada kengaytirishga qaratilgan muhim tashabbuslarni ilgari surdi. Jumladan, jahondagi nufuzli xorijiy oliy oʻquv yurtlariga, yaʼni “TOP-300”talik universitetga kirganlarning oʻqish va yashash xarajatini “El-yurt umidi” jamgʻarmasi tomonidan qoplash tizimi yangi tartibda joriy etiladi. Endi “TOP-300”talik oliy oʻquv yurtiga kirgan yoshlarga banklar tomonidan 20 ming AQSh dollarigacha imtiyozli kreditlar beriladi.

    Prezidentimizning Yoshlar kuniga bagʻishlangan nutqidan kelib chiqib aytadigan boʻlsak, ertamiz vorislari uchun katta imkoniyatlar eshigi ochilmoqda, puxta zamin yaratilmoqda. Bu oʻqituvchilar malakasini oshirish, ularning bilim va koʻnikmalarini davr shiddatiga moslash lozimligini taqozo etadi. Shu maqsadda informatika oʻquv dasturlarini Massachusets texnologiya institutining sunʼiy intellekt taʼlim dasturi asosida yangilash belgilandi. Viloyatlardagi informatika oʻqituvchilari Yangi Oʻzbekiston universitetida ushbu dasturga oʻqitiladi, malakasi oshiriladi.

    Sunʼiy intellekt bugungi kunda taraqqiyotning drayveriga aylanmoqda. Oʻzbekistonda bu tizimni rivojlantirish boʻyicha bank-moliya, sogʻliqni saqlash, qishloq xoʻjaligi va energetika ustuvor yoʻnalish sifatida belgilanib, 100 ta loyiha amalga oshiriladi. Birlashgan Arab Amirliklari bilan hamkorlikda “Bir million sunʼiy intellekt yetakchilari” dasturi ishga tushiriladi.

    Kreativ, intiluvchan yoshlarning ixtirochilik va tadqiqot ishlarini, startap loyihalarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida tizim yaratilib, ularni moliyalashtirishga 145 million AQSh dollari miqdorida venchur sarmoya kiritilgan edi. Endi bu mablagʻ 1 milliard dollarga yetkaziladi. Maktablarda oʻquvchilar uchun “mohirlik va biznes soati” kiritilib, ularning gʻoyasini startapga aylantirishga 100 milliard soʻm grant yoʻnaltiriladi.

    Eʼtiborli jihati, oliy oʻquv yurtlari oʻrtasida startaplar boʻyicha “Eng yaxshi kreativ gʻoya” tanlovi oʻtkazilishi va gʻoliblarga oliy oʻquv  yurti  jamgʻarmasidan 300 million soʻmgacha grant berilishi izlanuvchan yoshlarni yanada ilhomlantiradi.

    Maktab bitiruvchilari hamda talabalarning bandligini taʼminlash boʻyicha qabul qilingan “Yoshlar biznesi” va “Kelajakka qadam” dasturlari koʻpchilikda katta qiziqish uygʻotdi. Juda koʻplab oʻquvchi-yoshlar oʻz bizneslarini yoʻlga qoʻydilar. Bu jarayon davom etmoqda. Endilikda  Bandlik  vazirligi, Savdo-sanoat palatasi va Milliy bank hamkorligida yil yakunigacha oliy oʻquv yurti, texnikum, kasbiy taʼlim bitiruvchilarini ish beruvchilar bilan bogʻlaydigan “Harakatda daromad” elektron tizimi yaratilib, taʼtildagi 3 million yoshlar malaka talab qilmaydigan ishlarga jalb qilinadi.

    Yana bir gap. Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasida “Kelajak liderlari” dasturi boʻyicha har yili 100 nafar salohiyatli yoshlar oʻqitiladi. Ular vazir va hokimlarga biriktirilib, tajriba orttiradi, xorijiy stajirovkaga yuboriladi. Dasturni tamomlagan yoshlar rahbarlik lavozimlariga asosiy nomzod boʻladi.

Ixtirochilar maktabi

    Har bir bolaning oʻz isteʼdodi, qobiliyati boʻladi. Vaqtida uni anglay olsangiz va bu neʼmatni yuzaga chiqara bilsangiz, katta ishni amalga oshirgan boʻlasiz. Bugun bolalar tarbiyasiga, kamolotiga bogʻcha yoshidan eʼtibor qaratilayotgani bejiz emas. Amerikalik yozuvchi Entoni Robins aytganidek: “Hamma ham nimagadir qodir. Gap shundaki, koʻpchilik kimligi va imkoniyatiga yetarli baho bermasligi tufayli orzulari sari olib boradigan qadamni bosishga jurʼat qilmaydi”. Sizu bizning vazifamiz yoshlarning qalbida chiroq yoqish, uni faol innovatorga aylantirish.

    Mamlakatimizda “Mirzo Ulugʻbek vorislari” respublika tanlovi bu borada ulkan qadam boʻldi. Mana, toʻrt yildirki, iqtidorli yoshlarning tashabbuslari qoʻllab-quvvatlanmoqda, ular ilmiy-texnik va innovatsion faoliyatga keng jalb qilinmoqda. Tanlov hatto olis hududlardagi yoshlarni ham qamrab oldi, innovatsion gʻoyalarini amaliyotga tatbiq etishga koʻmaklashmoqda.

    Men bu tanlovni ixtirochilarning bellashuviga oʻxshataman. Har bir innovatsion gʻoyaning oʻz maqsadi, oʻziga xos yangiligi, yoshlarning esa oʻz aytar soʻzi bor. Baʼzilar oʻzining hududidagi muammolar yechimi boʻyicha takliflarni ilgari suradi, odamlarning mushkulini oson qilishga intiladi, yana biri iqtisodiy samaradorlikni oshirish gʻoyasini oʻrtaga tashlaydi. Albatta, yaxshi gʻoyalar faqat maqsadligicha qolib ketmaydi. Yuzlab yoshlar qisqa fursatda katta natijalarga erishmoqdalar. Startaplar aniq rejalarga, manfaatli loyihalarga aylanmoqda. “Mirzo Ulugʻbek vorislari” respublika tanlovi bu yoʻlda ularga tramplin vazifasini bajarmoqda.

    Maʼlumki, Prezidentimizning 2024-yil 10-dekabrdagi “Qarshi davlat texnika universitetini tashkil etish toʻgʻrisida”gi PQ-428-son qarori asosida Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti, Qarshi irrigatsiya va agrotexnologiyalar instituti, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Qarshi filiali hamda Toshkent kimyo-texnologiya institutining Shahrisabz filiali negizida Qarshi davlat texnika universiteti tashkil etildi. Bu voqeani bejiz qayd etmadim. Toʻrt yildirki, ana shu oliy oʻquv yurtlarining talabalari “Mirzo Ulugʻbek vorislari” respublika tanlovida muvaffaqiyatli ishtirok etib kelmoqdalar. Masalan, joriy yilda universitetimiz talabasi Bekjon Namozov ikkinchi marta tanlovning respublika bosqichi gʻolibi boʻldi.

    Bugungi kunda muhandis kadrlarga boʻlgan talab va masʼuliyat ortib bormoqda. Talaba universitetda olgan bilimini amaliyotda qoʻllaydi, mahorati va koʻnikmalarini oshirib boradi. Tanlovlarda esa uning innovatsion qobiliyatlari shakllanadi, yaratuvchanlik hissi kuchayadi. Ana shuning uchun ham “Mirzo Ulugʻbek vorislari” respublika tanlovining ahamiyati beqiyos.

Gʻoyadan – tayyor mahsulotga qadar

    Oliy taʼlim muassasasining asosiy vazifasi talabaga mutaxassisligi boʻyicha yoʻnalish berish, malakasini oshirish hamda ilmiy faoliyat bilan shugʻullanish hisoblanadi. Taraqqiy etgan universitetlar faqat bilim berish bilan cheklanib qolmaydi. Ayniqsa, texnikaga ixtisoslashgan oliy oʻquv yurtlar bugungi kunda eʼtiborini tizimlarni raqamlashtirish, sunʼiy intellekt imkoniyatlaridan keng foydalanish, masofaviy taʼlimni joriy etish kabi maqsadlarga qaratmoqda.

    Universitetimizda muhandislik sohasida yosh olimlar va talabalarning biznesga yoʻnaltirilgan innovatsion gʻoyalarini bozorga tayyor mahsulot sifatida yetkazish, tadqiqotchilarning ishlanmalari va loyihalarining tajriba nusxalari hamda prototiplarini yaratish va sinovdan oʻtkazish maqsadida “Ustaxona-Fablab”, 3D-loyihalash va modellashtirish hamda kichik ishlab chiqarish sexlari tashkil etilmoqda. Natijada yosh olimlar va talabalar uchun ish oʻrinlari yaratiladi. Viloyatdagi ilmiy-texnik loyihalarni boshqarish, tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlaydigan korxonalar bilan oʻzaro samarali hamkorlik oʻrnatiladi va ilmiy-innovatsion ishlanmalarni tijoratlashtirish amalga oshiriladi.

     Ustaxonada talabalar uchun innovatsion ishlanmalarning tajriba nusxalari va prototiplarini bepul tayyorlash, kovorking, startap loyihalarning akseleratsiya dasturlarini ishlab chiqish, 3D-loyihalash va modellashtirish, muhandislik sohasida ilmiy va innovatsion xizmat koʻrsatish ishlari amalga oshiriladi.

    Bundan tashqari, universitet qoshida energetika sohasi uchun sunʼiy intellekt va raqamlashtirish, injiniring, ishlab chiqarish muammolari yechimiga qaratilgan ilmiy-innovatsion ishlanmalarni yaratish va tijoratlashtirish yoʻnalishida ilmiy-amaliy faoliyat olib boradigan “Yashil energetika va intellektual energetik tizimlar” ilmiy tadqiqot markazini tashkil etish moʻljallangan.

    Universitetimizda mamlakatda drayver sohaga aylangan energetika tizimida yashil energetikani rivojlantirishga qaratilgan intellektual energetik tizimlar, qayta tiklanuvchi energiya turlari asosidagi energiya tejamkor texnologiyalar va qurilmalar, sanoat issiqlik energetikasi, sunʼiy intellekt va raqamli energetika yoʻnalishlarida ilmiy izlanishlar olib borilmoqda. Ilmiy tadqiqot ishlari nufuzli xorijiy ilmiy markazlar, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi ilmiy-tekshirish institutlari va soha korxonalari bilan hamkorlikda hududdagi ijtimoiy-iqtisodiy muammolar yechimlarini ishlab chiqishga qaratilmoqda.

    Yana bir muhim yangilik. Universitet va “Shoʻrtan gaz-kimyo majmuasi” MChJ hamkorligida “Gaz-kimyo va energetika” ilgʻor muhandislik maktabi tashkil etilgan boʻlib, “tarmoq – korxona – oliygoh” tamoyili yoʻlga qoʻyildi. Bu maktab sohada kadrlar tayyorlash borasidagi ishlarning muhim tizimiga aylandi.

    Ilgʻor muhandislik maktabining asosiy maqsadi sanoat hamkorlari ehtiyojlari va atrof-muhitni muhofaza qilish talablarini hisobga olgan holda, nafaqat yuqori texnologiyali va koʻp tarmoqli       texnologiyalarni oʻzlashtirishga qodir boʻlgan, balki kreativ fikrlaydigan, ratsionalizatorlik takliflarini ishlab chiqadigan, “muhandis-tadqiqotchi” malakasiga ega yangi avlod kadrlarini tayyorlashga qaratilgan. Ana shu maqsaddan kelib chiqib, maktabning oʻquv-uslubiy taʼminoti jahondagi TOP-300 universitetlar, jumladan, Malayziyaning Petronas texnologiyalar universiteti, Drezden texnika universiteti (Germaniya), Tomsk Politexnika universiteti (Rossiya)ning chuqurlashtirilgan modulli oʻquv dasturlari, oʻquv rejalari, xorijda chop etilgan darslik va oʻquv qoʻllanmalar, ilgʻor pedagogik texnologiyalar asosida shakllantirildi.

    Hozirda 1-bosqich magistrlaridan 23 nafari ilgʻor muhandislik maktabiga tanlov asosida olingan boʻlib, neft va gazni qayta ishlash texnologiyasi, elektr taʼminoti va kimyoviy texnologiya boʻyicha mutaxassislar tayyorlanmoqda.

    Magistrlar dastlabki yilda korxonalar buyurtmasi asosida yangi mahsulotlarni loyihalashtirdilar, ilmiy izlanishlar oʻtkazdilar. Oʻquv dasturiga “Tannarx muhandisligi”, “Qiyoslash muhandisligi” maxsus modullari kiritildi.

    Ikkinchi yilda esa yangi mahsulotlar boʻyicha tajriba-konstruktorlik namunalarini yaratish bilan bogʻliq texnologik jarayonlar korxonalarda sinovdan oʻtkaziladi. Yangi texnologiyalar va ilmiy-texnik yechimlar yaratiladi hamda joriy etiladi.

Ertaning masʼuliyati

    Shu oʻrinda, bir jihatni aslo unutmaslik kerak. Sharq maʼnaviyati taʼlim va tarbiyaning uzviyligiga asoslangan. Bugungi kun yoshlari dunyoga nafaqat bilimi, tajribasi, balki yuksak maʼnaviy va axloqiy fazilatlari bilan ham oʻrnak koʻrsatishi kerak. Kitobxonlik tanlovlari, turli maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar, tarixiy shaharlarga sayohatlar ana shu maqsadga xizmat qiladi.

    Oʻzbekistonda yoshlarga oid davlat siyosati uzoqni koʻzlagan, aniq maqsadlarga asoslangan holda izchil davom ettirilmoqda. Bu bejiz emas. Prezident Shavkat Mirziyoyev taʼkidlaganidek, ertangi kunimiz egalari boʻlgan yoshlar bilan ishlash – biz uchun hayot-mamot masalasi! Biz yoshlarga bugundanoq sharoit qilib bermasak, ularni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha inqilobiy tashabbuslarni ilgari surmasak, Yangi Oʻzbekistonni qanday barpo qilamiz?

    Biz yuqorida yoshlar masalasiga doir koʻplab xayrli ishlar, imkoniyatlar, eʼtibor va gʻamxoʻrlik haqida mufassal fikr yuritdik. Ularning barchasini roʻyobga chiqaradigan, hamma saʼy-harakatlarimizning samarali kechishini taʼminlaydigan eng muhim jihat bor – maʼnaviyat. Yoshlarimiz maʼrifatli, maʼnaviyatli boʻlmas ekan, ertangi kunimiz biz kutgan darajada yorugʻ boʻlmasligi muqarrar.

    Shuning uchun ham Prezidentimiz: “Bugun maʼnaviyat boshqa sohalardan oʻn qadam oldinda yurishi, maʼnaviyat yangi kuchga, yangi harakatga aylanishi kerak”, deya alohida taʼkidladi.

    Albatta, har bir yosh oʻz ota-bobolarini, ajdodlarini bilgani kabi, xalqimizning boy tarixiy merosini, allomalarning ibratli hayot yoʻlini ham puxta oʻrganmogʻi lozim. Bu yoshlarning millatning ertasi uchun qaygʻurish, hayotda oʻz oʻrnini topish borasidagi masʼuliyatini oshiradi.

    Xullas, qaysi yurtda yoshlarga yuksak ishonch boʻlsa, ularga munosib eʼtibor koʻrsatilsa, oʻsha yerda taraqqiyot boʻladi. Turk adibi Nozim Hikmatning hikmatiga quloq tutsak: “Yoshlik – bu orzu. Bu – ishonch. Bu – jasoratga intilish. Bu – lirika va romantika. Bu – kelajakka tuzilgan ulkan rejalar. Bu – istiqbolning boshlanishi”. Bizning taʼrifimiz boʻyicha esa: “Yoshlik – katta imkoniyat, ishonch va masʼuliyat demak”.

Sherzod Neʼmatov,

Qarshi davlat texnika universiteti rektori