ILM VA AMALIYOT INTEGRATSIYASI

ILM VA AMALIYOT INTEGRATSIYASI

ILM VA AMALIYOT INTEGRATSIYASI

    “Gulshan” mahallasidagi xonadonlar daromad manbaiga aylanmoqda.

    Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida joriy yilning 23-yanvar kuni oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida kambagʻallikni qisqartirish va aholi bandligini taʼminlash borasida belgilab berilgan ustuvor vazifalar ijrosi Qarshi davlat texnika universiteti jamoasi tomonidan tizimli ravishda taʼminlanmoqda.

    Image

    Xususan, arxitektura va muhandislik yoʻnalishlari mavjud oliy taʼlim muassasalariga yuklatilgan vazifalar doirasida universitetga biriktirilgan Qarshi tumanidagi Gulshan mahallasida navbatdagi amaliy muloqot tashkil etildi.

    Irrigatsiya muhandisligi fakulteti “Melioratsiya va yer kadastri” kafedrasining tajribali olimlari – dotsentlar M.Choʻliyev, F.Tursunov, assistent  J.Roʻziqulov hamda doktorant U.Ziyatovdan iborat ishchi guruh mahalla aholisining tomorqa madaniyatini yuksaltirish maqsadida xonadonlarda boʻlishdi.

    Image

    Muloqot davomida mahallada istiqomat qiluvchi Anvar Diliyev xonadonidagi namunali tajriba alohida eʼtirof etildi. Xonadon sohibi ixtiyoridagi 5 sotixli issiqxonada zamonaviy tomchilatib sugʻorish tizimini joriy qilgan boʻlib, undan yilning toʻrt faslida ham samarali foydalanib kelmoqda.

    Image

    Olimlarimiz tomonidan ushbu xonadon egasiga issiqxona sharoitida oʻsimliklarni parvarishlashda innovatsion usullar, xususan oʻgʻit bilan sugʻorish (fertigatsiya) tizimini toʻgʻri yoʻlga qoʻyish, tuproq unumdorligini saqlash va mineral oʻgʻitlar sarfini optimallashtirish va tomchilatib sugʻorish orqali hosildorlikni 20-30 foizga oshirish boʻyicha muhim tavsiyalar berildi. Bundan maqsad faqatgina nazariy bilim berish emas, balki har bir qarich yerdan oqilona foydalanib, oilalar daromadini oshirishga koʻmaklashish.

    Image

    Bu kabi amaliy tadbirlar mahallalarda "xonadonbay" ishlash tizimini yanada takomillashtirishga va aholining agrotexnik bilimlarini oshirish orqali farovonligini taʼminlashga xizmat qiladi.