Neft-gaz va geologiya fakulteti faollar zalida “Maʼrifat ulashib” loyihasi doirasida el ardogʻidagi ijodkorlar – Amirqul Karim, Abduhamid Muxtorov va Zikrillo Neʼmatov bilan ijodiy uchrashuv boʻlib oʻtdi.

Tadbir nomidan ham anglash mumkinki, yoshlarning maʼnaviyatini yanada yuksaltirish, ularda vatanparvarlik tuygʻularini tobora kuchaytirish muhim masaladir. Maʼrifatli inson kelajakning haqiqiy poydevorini bunyod eta oladi.

Ijodkorlarning yoshlar bilan muloqoti jonli ruhda, shoirona shukuhda, koʻtarinki kayfiyatda oʻtdi. Vatan, yurt sogʻinchi, mehr-muhabbat mushoirasi barchaga xushnudlik ulashdi.

“Maʼrifat ulashib” loyihasi asosida Neft-gaz va geologiya fakulteti bogʻida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida koʻchat ekish tadbiri ham oʻtkazildi.

Mehmonlar tomonidan yerga qadalgan manzarali daraxt nihollari ushbu kundan esdalik boʻlib qolishi hamda talabalarda oʻzgacha taassurot qoldirgani bilan ahamiyatli boʻldi.
Yoshlar adiblar bilan suhbat qurdilar, esdalik uchun suratga tushdilar.
* * *
Taniqli ijodkorlar – Amirqul Karim, Abduhamid Muxtorov va Zikrillo Neʼmatov bilan ijodiy uchrashuvlar Koson, Ko‘kdala va Mirishkor tumanlarida hamda universitetimizning 2-son talabalar turar joyida ham boʻlib oʻtdi.
Adiblar bor joyda maʼnaviyat haqida mulohazalar bildiriladi, kitobning ohanrabosi eʼtirof etiladi, maʼrifatning ahamiyati tushuntiriladi.

Ayniqsa, maktab oʻquvchilari tomonidan tayyorlangan adabiy dasturlar barchaga bir olam quvonch hadya etdi.
Mehmonlar talabalarning bugungi kun adabiyoti, mutolaaga munosabat, tarjimachilik masʼuliyati kabi masalalar haqidagi savollariga batafsil javob berdilar.

Muloqot adiblarimizning kitobxonlik madaniyati, ijod mashaqqati, asarlarning yaralish tarixiga doir mulohazalari va xotiralarini yoshlar bilan oʻrtoqlashish, “Maʼrifat ulashib” loyihasining maqsadini ularga yana bir bor tushuntirish imkonini berdi.