Qarshi davlat texnika universiteti rektori Neʼmatov Sherzod Qalandarovichning yoshlar, ota-onalar hamda ustozlarni giyohvandlik va narkojinoyatlarning salbiy oqibatlaridan ogohlikka chaqirishga qaratilgan
MUROJAATI ㅤㅤㅤㅤㅤㅤㅤㅤㅤㅤㅤㅤㅤㅤㅤ
Qadrli yoshlar, hurmatli ota-onalar va muhtaram ustozlar!
Oʻzbek xalqi azaldan bolajonligi, farzandi kamoloti uchun hamisha kamarbasta boʻlgani, uning tarbiyasiga masʼuliyat bilan yondashganligi bilan oʻziga xos qadriyatlarga ega boʻlgan. Bu xalq oʻzi yemay, bolasiga tutadi, topganini unga ilinadi, usti but, bekamu-koʻst boʻlib ulgʻayishi uchun qaygʻuradi.
Aziz yoshlar!
Qiziquvchanlik, yangilikka intilish – yoshlarga xos odat. Keling, shu odatni ezgulik uchun yoʻnaltiraylik. Ana shu qiziqishingizni yangi ixtirolar uchun qoʻllang. Tengdoshlaringiz singari ajoyib gʻoyalar yarating. Ota-onangiz Siz bilan faxrlanishi uchun bilimda, kasb-hunarda, innovatorlikda oldingi saflarda boʻlishga intiling. “Bir bor va umrbod” degan gap bor. Qiziquvchanlik qilib giyohvandlik domiga tushib qolmang.
Hurmatli ota-onalar!
Ota-ona uchun farzand – hamisha yosh bola. Shu bois unga doimo gʻamxoʻrlik qiladi, asrab-avaylaydi. Tarbiyada ham, nazoratda ham, eʼtiborda ham masʼuliyatli boʻlganlarning farzandlari yuqori choʻqqilarni koʻzlaydilar. Biz ham ulardek boʻlaylik. Bolamizning doʻstiga aylanaylik. Toʻgʻri yoʻlga boshlaylik. Doʻstlari kim, nimalar bilan mashgʻul – bilib qoʻyaylik. Hayotga boʻlgan ishonchini oshiraylik. Giyohvandlik balosidan asraylik.
Muhtaram ustozlar!
Azaliy qadriyatlarimiz muallimlarni otadek eʼzozlashni oʻrgatgan. Bu ustozlar zimmasiga katta masʼuliyat yuklaydi. Oʻquvchilarga, talabalar bilimiga, tarbiyasiga va kelajagiga ota-onasidek masʼuliyat bilan yondashishni taqozo etadi bu. Shunday ekan har bir dars, mashgʻulot faqat bilim manbai emas, tarbiya vositasi boʻlishi lozim.
Bugun giyohvandlik virus singari yoshlarimiz ongini zaharlayapti, kimlar uchun boylik toʻplash manbaiga aylanyapti. Unga qarshi kurashda barchamiz birlashaylik! Axir bolalarning begonasi boʻlmaydi. Bir farzandga yetti mahalla ota-ona, deydilar. Bolalarimizning kelajagi, baxti, quvonchi ana shu birdamligimizda oʻz ifodasini topadi.
Azizlar, ezgulik yoʻlida birlashaylik! Xalqimizning yoshlardan umidi katta. Yakdil ekanmiz, ular Yangi Oʻzbekistonning tayanchi, suyanchi, ishonchi boʻlishiga aminmiz.