Qarshi davlat texnika universiteti olimlari Xitoy Xalq Respublikasining Xarbin shahrida oʻtkazilayotgan Central Asia Talents Exchange–2025 forumida faol ishtirok etmoqda.
Universitet vakillari – Azamat Aliqulov, Husan Neʼmatov va Xurshid Meyliyev ayni paytda Xitoyda boʻlib turibdilar.


X.Meyliyev forumning ochilish marosimida QarDTU nomidan tabrik soʻzi bilan chiqdi. U Markaziy Osiyo va Xitoy oʻrtasidagi akademik hamkorlikni mustahkamlash muhimligini taʼkidlab, QarDTUning ilmiy faoliyati va xalqaro hamkorlikdagi ustuvor yoʻnalishlarni tanishtirdi.
Forum davomida X.Meyliyev va A.Aliqulov Qarshi davlat texnika universiteti haqida taqdimot oʻtkazdilar. Universitet tarixi, ilmiy salohiyat hamda xalqaro tashabbuslar haqida batafsil maʼlumot berdilar. Taqdimot ishtirokchilarda katta qiziqish uygʻotdi va hamkorlik boʻyicha muloqotlarga zamin yaratdi.

.jpg)
Shuningdek, anjuman doirasida QarDTU vakillari bir qator Xitoy universitetlari bilan hamkorlik shartnomalarini imzolash marosimida ishtirok etishdi. Ushbu hujjatlar akademik almashinuv, ilmiy tadqiqotlar, stajirovkalar va oʻquv dasturlarini birgalikda amalga oshirishni nazarda tutadi.


Central Asia Talents Exchange–2025 Markaziy Osiyo davlatlari hamda Xitoy oʻrtasida akademik va ilmiy aloqalarni rivojlantirishga qaratilgan xalqaro platforma boʻlib, har yili universitetlar, ilmiy markazlar va iqtidorli yoshlarni birlashtiradi.
QarDTUning ushbu forumdagi ishtiroki universitetning xalqaro obroʻsini mustahkamlash va yetakchi xorijiy oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlikni kengaytirish yoʻlida muhim qadamlardan biri boʻldi.