QarDTU talabalari xalqaro matematika olimpiadasida ajoyib natija koʻrsatdilar!

Joriy yil 23–28-mart kunlari Turkmaniston poytaxti Ashxobod shahridagi Xalqaro gumanitar fanlar va rivojlanish universitetida oliy taʼlim muassasalari talabalari oʻrtasida VI ochiq xalqaro matematika olimpiadasi — OMOUS-2026 boʻlib oʻtdi.

Mazkur nufuzli olimpiadada Oʻzbekiston, Tojikiston, Germaniya, Birlashgan Arab Amirliklari, Eron, Rossiya, Niderlandiya, Vengriya, Gretsiya hamda mezbon Turkmanistonning 70 dan ortiq universitetlaridan 600 nafarga yaqin talaba qatnashdi.

Quvonarlisi, Qarshi davlat texnika universiteti talabalari ushbu xalqaro olimpiadada 5 ta bronza medalni qoʻlga kiritdilar. Ular bilan tanishing: Muhammad Qudratov, Behroʻz Dehqonov (ikkalasi ham Energetika muhandisligi fakulteti talabasi), Shahzod Shodiyev, Islom Poʻlatov va Javohir Mengliqulov (Iqtisodiyot va boshqaruv fakulteti talabalari). Shuningdek, Dilshoda Abdiyeva (Iqtisodiyot va boshqaruv fakulteti) va Marjona Yoʻldosheva (Transport va qurilish fakulteti) faol ishtiroki uchun diplom bilan taqdirlandi.

Ushbu yutuqlarda talabalarni xalqaro olimpiadaga puxta tayyorlashda “Oliy matematika” kafedrasi katta oʻqituvchisi Shohsuvor Xolbekov, assistent Bobur Bekmurodov hamda stajyor oʻqituvchi Sherzod Normurodovning ham munosib hissasi bor.
Iqtidorli talabalarimiz va ularning ustozlarini ushbu yutuq bilan samimiy muborakbod etamiz!