Hurmatli ustoz-murabbiylar, ishchi-xodimlar!
Aziz talabalar!
Barchangizni Vatan himoyachilari kuni bilan samimiy muborakbod etaman!
Bugungi oʻtayotgan har bir kunimizning tinch-osoyishta boʻlishi, ezgu niyatlarimizni roʻyobga chiqarish yoʻlida azmu shijoat bilan mehnat qilishimizda Vatan himoyachilarining munosib oʻrni bor, albatta. Sababi tinchlik hukmron joyda taraqqiyot, rivojlanish boʻladi. Mana, 34 yildirki, yurtimiz posbonlari sarhadlarimizni ishonchli qoʻriqlab, tinchligimizni koʻz qorachigʻidek muhofaza qilib kelyaptilar.
Ayni shu kezlarda dunyoda tinchlik atalmish neʼmatning qadri tobora ortib bormoqda. Ozod va obod, tinch va osoyishta yurtda yashash, mehnat qilish, taʼlim olish, koʻngil xotirjamligi kishiga gʻurur bagʻishlaydi. Bu davlatimiz tanlagan yoʻlning, strategiyamizning naqadar toʻgʻri ekanligiga dalolatdir.
Maʼlumki, yoshlar tarbiyasi, ularni turli axborot xurujlaridan himoya qilish, farzandlarimizni Vatanga muhabbat, yurtga sadoqat, milliy qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalash biz oʻqituvchilarning asosiy ishimizdir. Prezidentimiz taʼbiri bilan aytganda, xalqimizning xavfsizligi, tinchligi va osoyishtaligini saqlash bugun ham, kelajakda ham eng ustuvor vazifamiz boʻlib qoladi. Faqatgina tinchlik-osoyishtalik yurtimizning har tomonlama rivojlanishining asosiy kafolati.
Men oʻylaymanki, mamlakatimiz ravnaqi, yosh avlod kelajagi yoʻlida mehnat qilayotgan har bir inson yurt himoyachisi, degan nomga sazovor boʻlishga munosibdir. Shunday ekan, barchangizni muhim sana – Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining 34 yilligi, Vatan himoyachilari kuni bilan muborakbod etishdan behad mamnunman. Tinchligimiz bardavom boʻlsin.
Bayramingiz muborak boʻlsin, azizlar!
Sherzod Neʼmatov,
Qarshi davlat texnika universiteti rektori