Hozirgi vaqtda oliy taʼlim muassasalarida ilmiy ishlanmalarni yaratish, sinovdan oʻtkazish, prototip variantlarini ishlab chiqish va tijoratga tayyorlash muhim hisoblanadi. Ilmiy-innovatsion faoliyatni aniq va manzilli ravishda hudud va tarmoqning muammolariga, korxonalarning real ehtiyojlariga qaratish zarur.
Shuni eʼtiborga olib, Qarshi davlat texnika universitetida “sanoat klasteri – universitet – startap hamkorlik loyihalari” tizimida amaliy ishlar bajarilmoqda.

Energetika muhandisligi fakulteti ilmiy poligonida va “Energiya tejamkorlik va qayta tiklanuvchi energiya manbalari” ilmiy laboratoriyasida professor Gʻulom Uzoqov rahbarligida 10 dan ortiq ilmiy ishlanmalar va loyihalar ishlab chiqilgan. Ilmiy ishlarga yosh olimlar, doktorantlar va magistrlar jalb qilingan.
Joriy yilning 29-noyabr kuni fakultetda hudud va tarmoqning muammolariga bagʻishlangan ilmiy ishlanmalar boʻyicha seminar oʻtkazildi.
Seminarda Nishon tumani hokimi oʻrinbosari, Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasi muhandislari, Uzbekistan GTL energetiklari va Sho‘rtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasidan mutaxassislar ishtirok etishdi.

Seminarda yashil energetika va quyosh qurilmalari boʻyicha 10 dan ortiq ilmiy ishlanmalar taqdimotlari tashkil qilindi.

Universitet olimlari tomonidan yaratilgan quyosh panellarini tozalash qurilmasi (robot) prototipi tabiiy sharoitda sinovdan oʻtkazildi. Ushbu qurilma quyosh panellarini changdan tozalash uchun moʻljallangan boʻlib, ilmiy yangiligi patentlashgan va innovatsion qurilma hisoblanadi. Ushbu qurilma daqiqasiga 30 kvadrat metr yuzali panelni tozalash imkonini beradi, natijada panelning samaradorligi kamayishi bartaraf etiladi. Panel tozalash qurilmasini yirik sanoat korxonalarida oʻrnatilgan yuqori quvvatli panellarni tozalashda yuqori samara berishi taʼkidlandi.