Universitet bosh binosida tyutorlarning faoliyati samaradorligini oshirishga doir navbatdagi seminar boʻlib oʻtdi.

Dastlab rektor Sherzod Neʼmatov yangi oʻquv yilining boshlanishi, istiqboldagi rejalar, tyutorlarning taʼlim-tarbiya sohasidagi vazifalari haqida soʻz yuritdi.

Seminarda prorektorlar – Gʻulom Uzoqov va Abror Murtazayev hamda universitet tyutorlar kengashi raisi Solijon Ibrohimov talabalarning ilmiy tadqiqot ishlari bilan shugʻullanishlari uchun yaratilgan imkoniyatlar, maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlarni samarali tashkil etish omillari va bunda tyutorlar amalga oshirishi lozim boʻlgan ishlar haqida oʻz mulohazalarini bildirdilar.

Muloqot davomida tyutorlarning asosiy vazifalari eʼtirof etildi. Oʻquv-uslubiy boshqarma boshligʻi Sanjar Toshtemirov va registrator ofisi rahbari Dilshod Roʻzmanov ular bilan hamkorlikda qilinishi lozim boʻlgan ishlarga alohida toʻxtalib oʻtdilar.

Seminarda korrupsiyaga qarshi kurashish “Komplayens-nazorat” tizimini boshqarish boʻlimi boshligʻi Ulugʻbek Rajabov tomonidan “Korrupsiyaga qarshi kurashish virtual akademiyasi” elektron platformasi haqida tushuncha berildi.

Tyutorlarning ushbu seminarida rektor maslahatchisi, boʻlim boshliqlari, dekan oʻrinbosarlari, universitet profilaktika inspektorlari ham ishtirok etdilar.

Bir soʻz bilan aytganda, tyutorlar uchun muhim va masʼuliyatli davr boshlanmoqda. Talabalarning yutuqlari, ijobiy natijalari, taʼlim sifati, tadbirlar samaradorligi koʻp jihatdan ularning ham faolligi va tashabbuskorligiga, mahorati va ishga munosabatiga bogʻliq. Seminarda shu kabi koʻplab masalalar xususida soʻz yuritildi.