Bugun Qarshi davlat texnika universiteti “Nuriston” akademik litseyida taʼlim muassasasi tarixida muhim oʻrin tutadigan bir qator tantanali tadbirlar oʻtkazildi.

Akademik litsey tashkil topganligining 25 yilligi munosabati bilan oʻtkazilgan bayram dasturi katta maʼnaviy ruh va yuksak kayfiyatda boʻlib oʻtdi.
.jpg)
Tadbirning dastlabki qismida akademik litseyning 25 yil davomidagi faoliyati, erishilgan yutuqlar, oʻtmishdan kelajakka bogʻlangan taʼlim anʼanalari, bitiruvchilarning muvaffaqiyatlari, salmoqli natijalar haqida maʼlumotlar berildi. Akademik litsey jamoasining fidokorona mehnati alohida eʼtirof etildi.

1-bosqich oʻquvchilarining ramziy “Oʻquvchilik qasamyodi” tantanali ravishda qabul qilindi. Ushbu marosim oʻquvchilarning ilk qadamlarini mustahkamlab, ularni bilim olishga sadoqat, fidoyilik va masʼuliyat bilan yondashishga chorlaydigan maʼnaviy ahamiyatga ega tadbir sifatida oʻtdi.

Tadbirlar yakunida oʻqituvchi va oʻquvchilarning faolligi, fan olimpiadalaridagi yutuqlari, jamoat ishlariga qoʻshayotgan hissasi munosib taqdirlandi. Iqtidorli va tashabbuskor oʻquvchilarning ota-onalariga tashakkurnomalar, diplomlar va esdalik sovgʻalari topshirildi.

Kunning ikkinchi yarmida 1-bosqich oʻquvchilarining ota-onalari bilan yigʻilish oʻtkazildi. Uchrashuvda taʼlim jarayoni yangiliklari, oʻquvchilarning shaxsiy rivojlanishi, fanlardan oʻzlashtirish koʻrsatkichlari, intizom va qoʻshimcha taʼlim imkoniyatlari haqida batafsil maʼlumotlar berildi. Ota-onalar bilan oʻzaro hamkorlikni kuchaytirish, taʼlimda samaradorlikka erishish borasidagi taklif va mulohazalar ham tinglandi.